01/06/2026
Qarshida yana bir yangi bog‘cha ish boshladi
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Qarshi shahrining Otchopar mahallasida 50 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Tadbirkor To‘raboyeva Nargiza Xolmurodovna tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi bog‘cha mahalladagi maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, muassasa faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 5 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Tantanali ochilish marosimida Qarshi shahar hokimining o‘rinbosari Jonibek Egamberdiyev, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Bahodir Mo‘minov, xalq deputatlari shahar Kengashi deputati hamda “Otchopar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zilola Xurramova, mahalla faollari va ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi bog‘chaning ishga tushirilishi mahalla aholisi, ayniqsa yosh oilalar uchun muhim voqea ekanini ta’kidlab, muassasa jamoasiga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tiladilar.