29/05/2026
Buxoroliklarga davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi
Inson qadri ulugʻlangan yurtda hech narsa beiz ketmaydi. Har bir harakat, qobiliyat, isteʼdod va ixtiro munosib ragʻbatlantiriladi. Shu jihatdan, mamlakatimizda keyingi yillarda boshqa sohalar qatori ilm-fan fidoyilari, sanʼat va madaniyat, adabiyot sohasi vakillarining mehnati eʼtirofga loyiq koʻrib kelinayotgani diqqatga sazovordir.
Jumladan, davlatimiz rahbarining “Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Buxoro viloyatining 5 nafar vakili ham bor.
Bugun viloyat hokimligida mukofot sohiblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Tantanali tadbirda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari, viloyat faollari, jamoatchilik vakillari, yoshlar qatnashdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov mukofotga sazovor boʻlgan viloyat vakillarining har biri erishgan yutuqlarga alohida-alohida toʻxtalib, el-yurt oldidagi mehnatlarini eʼtirof etdi.
Soʻnggi yillarda madaniyat muassasalarini zamonaviylashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar bugun oʻz samarasini bermoqda. Xususan, faqatgina 2017-2025-yillar davomida viloyatdagi 13 ta madaniyat markazlari taʼmirlandi, Olot, Gʻijduvon, Jondor tumanlarimizda madaniyat boʻlimlarining yangi binolari qurib foydalanishga topshirildi.
Birgina 2025-yil davomida respublika va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 37 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi.
Tadbirda davlat mukofotlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan mukofot sohiblari koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va eʼtirof uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.