01/06/2026
Kadrlar salohiyatini rivojlantirish: Fargʻonada soliq organlari xodimlari uchun HR-seminari oʻtkaziladi
Ertaga, 2-iyun kuni Fargʻona shahrida soliq organlarida inson resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan "HR: Saralashdan samaragacha" mavzusidagi oʻquv seminari boshlanadi.
Tadbirda Soliq qoʻmitasi hamda hududiy soliq organlari inson resurslarini rivojlantirish tuzilmalari mutaxassislari, shuningdek matbuot xizmatlari xodimlari ishtirok etadi. Spiker sifatida Person Hunters kompaniyasining HR-strategiya va inson resurslarini boshqarish sohasidagi yetakchi ekspertlari jalb etilgan.
Xususan, kadrlar siyosati masalalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 95-sonli Farmonida alohida eʼtibor qaratilgan. Mazkur hujjatda soliq tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli vazifalar belgilangan boʻlib, jumladan, Soliq oliy maktabi, Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazini tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish zamirida albatta, kadrlar salohiyatini shakllantirish, rivojlantirish va baholashga yangicha yondashuvlarni joriy etish kabi muhim jihatlar mujassam.
Seminar doirasida HR-menejmentning zamonaviy vositalari, davlat tuzilmalarida KPI tizimini joriy etish boʻyicha xalqaro tajriba, xodimlarni baholash va kasbiy rivojlantirish masalalari, shuningdek davlat xizmati tizimida gender tenglikni taʼminlash mavzulari muhokama qilinadi.
Ushbu oʻquv seminari o‘zaro tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va inson resurslarini boshqarish sohasida samarali yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi.
Seminar yakunida ishtirokchilarning takliflari jamlanib, shuningdek mazkur mavzuga bagʻishlangan alohida jurnalni nashrga tayyorlash rejalashtirilgan.