04/06/2026
Farg‘ona viloyatida madaniyat va axborot-kutubxona tizimi faoliyati o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli topshirig‘iga muvofiq, Farg‘ona viloyatidagi madaniyat va axborot-kutubxona muassasalari faoliyati o‘rganildi.
Jumladan, Farg‘ona viloyati Ko‘zi ojizlar kutubxonasi, Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazi, shuningdek Farg‘ona, Oltiariq va Buvayda tumanlari hamda Marg‘ilon shahar axborot-kutubxona markazlari faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
O‘rganish jarayonlarida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorova bevosita ishtirok etib, muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, kutubxona tizimi samaradorligini oshirish, zamonaviy kutubxona binolarini barpo etish, qurilish ishlari boshlangan hududlardagi loyihalar bilan tanishish maqsadida Marg‘ilon shahar hokimi E. Rustamov, Oltiariq tumani hokimi Sh. Turdaliyev hamda Farg‘ona va Buvayda tumanlari hokimlarining o‘rinbosarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud muammolarga yechim topish hamda soha rivojini ta’minlashga qaratilgan tavsiya va takliflar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Oltiariq tumani Ko‘zi ojizlar kutubxonasi faoliyati ham o‘rganildi.
Mazkur o‘rganishlar madaniyat va san’at muassasalari, axborot-kutubxona markazlari hamda ko‘zi ojizlar uchun maxsus kutubxonalar faoliyatini baholash, mavjud muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni belgilash hamda soha faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.