23/05/2026
Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi, xalqqa tayanch!
Bugun mamlakatimiz soliq tizimida tub burilish davri kechmoqda. Sohaga tatbiq etilayotgan “Tekshiruvdan — servisga” tamoyili shunchaki shior emas, balki har bir soliq xodimining kundalik ish mezoniga aylandi.
Shirin shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i Munira Abduqayumova lavozimga tayinlangan ilk kunlardanoq hududdagi aholi xonadonlari va tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita, yaqindan muloqot qilishni o‘zining eng oliy maqsadi deb bildi.Biznes vakillari bilan kechayotgan samimiy suhbatlarda soliq qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda ish yuritishning afzalliklari, bu borada soliq idoralari har qadamda ularga yaqin maslahatgo‘y va ko‘makchi ekanligi alohida ta’kidlanmoqda.
Yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom — Qurbon hayiti munosabati bilan shahar aholisining kayfiyatini ko‘tarish, ularning dasturxonlari to‘kinligini ta’minlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Shu maqsadda arzonlashtirilgan oziq-ovqat savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda. “Daladan dasturxonga” shiori ostida sarhil meva va sabzavotlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, vositachilarsiz savdosi yo‘lga qo‘yilmoqda. M.Abduqayumova mazkur yarmarkalardagi sharoitlarni shaxsan ko‘zdan kechirib, narx-navoning barqarorligini o‘rgandi.
Bayram kunlarida bozorda sun’iy narx oshirilishining oldini olish maqsadida hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda doimiy tushuntirish va nazorat tadbirlarini olib borish belgilab olindi.