23/08/2021
30 yoshing muborak, tengdoshim!
Bu kun-ulug` kun! Vatanimiz tarixiga oltin harflar ila bitilmish sana. 30 yosh… Olamga teran ko`zlar bilan boqib, o`z so`zi va mustaqil fikriga ega, shaxdam va shiddatli qadamlar tashlayotgan yosh.
Men Mustaqillik tengdoshiman. Bu men uchun faxr va g`ururdir. Mustaqillik bilan teng odimlayotganimdan baxtliman. 1991- yil ko`hna va navqiron , allomalar yurti Xorazm vohasida tavallud topdim. Oilada to`ng`ich farzandaman. Ota-onam mening qo`sh qanotlarim. Yuksakliklarga parvoz qilishim uchun bor bilim va mehnatlarimni ayamadilar.
1998- yil 2-sentabr. Men maktab deb atalamish sirli go`shaga ilk qadamlarimni qo`ydim. Gurlan tumanida tashkil qilingan 6-son Gimnaziya maktabining ilk qaldirg`ochlaridan biri bo`ldim. Bu ilm dargohida 11 yil davomida turli fan sirlari-yu, ustozlarimizdan ta’lim- tarbiya, hayot deb atalmish ajib bir ne’matning asrorlarini o`rganishga harakat qildim. Toleyi kulgan farzand ekanmanki, onam ilk ustozim bo`ldilar. Onam ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi. Taqdir nasib qilib, men ham onamga havas qilib, shu sohani tanladim. Bu tanlovim meni oliy dargohga yetakladi. Maktabni a’lo baholarga bitirib, 2010- yil Urganch davlat universiteti filologiya fakutetiga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindim. Oliy dargohda 4 yil davomida professor, dotsent, fan nomzodlaridan sohamni yanada chuqurroq o`rganishga harakat qildim. 2014- yil bakalavr diplomiga ega bo`ldim. Bir paytlar jajji qizaloq bo`lib qadam qo`ygan o`sha ajib maskanga ustoz degan sharafli nom bilan kirib bordim. Ustoz bo`lish ham sharafli, ham mashaqqatli ekan. O`z kasb faoliyatimni boshlaganimda, datavval, turli qiyinchiliklarga duch keldim. O`zing o`qib o`rganishing, o`zgalarga o`rgatishdan ko`ra osonroq ekan. Shunday damlarda ustozim, rahbarim, jonkuyar inson, bizlarga har tomonlama o`rnak bo`luvchi vatanparvar Dilbar opa Niyazmetova pedagog bo`lish ilmini o`rgata boshladilar. Ustozim gohida alqadilar, gohida o`z farzandi kabi koyidilar. Asosiysi tarbiyaladilar, ulardan bergan o`gitlari uchun juda-juda minnatdorman. 7 yillik faoliyatimda ustozlarim va onam ko`magida ko`plab marralarni egallamoqdaman. Ketma-ket attestatsiyalarda qatnashib bilimimni yanada charxladim. Bu yil qutlug` arafasida 97,5 ball to`plab oily toifali ustoz sharafiga muyassar bo`ldim. Davlatimiz tomonidan berilgan bu ishonch yana va yana qat’iyat va mas’uliyat bilan yurtimiz kelajak avlodlarini tarbiyalashga undaydi.
Turli tanlovlar va fan olimpiadalarida ham faol ishtirok qilishga harakat qilaman. 2016-yil o`quvchim Qadamboyeva Dilshoda ,,Bilimlar bellashuvi’’ viloyat bosqichida faxrli 3- o`rinni egalladi. Tumanimiz yoshlari oily o`quv yurti talabasi bo`lishlarida, o`z ona tilimiz-o`zbek tilining naqadar boy ekanligini bilishlarida o`z hissamni qo`shib kelmoqdaman.
Men Mustaqillik tengdoshiman. Men baxtliman. Men shukrona keltiraman. Inson baxtli yashashi uchun nima kerak? Tani- joni sog’bo`lsa, erkin va farovon yurtda yashasa, qadr-qimmatga ega bo`lsa, qulay shart-sharoitda mehnat qilsa, bu mehnatlari o`z qadrini topsa, o`z ustida ishlab, rivoj topsa, oilasi bilan xotirjam yashasa shu baxt emasmi? Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan farmonlar, qarorlar tufayli hayotimiz obod bo`lmoqda. Yangilanayotgan O`zbekistonda ta’lim sohasida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Shiddatli zamon, butun dunyoda yuz berayotgan globallashuv bizdan o`z sohamizga kretiv yondashishni talab qilyapti. Yurtimizda har bir inson davlat e’tiborida.1-sinfga qadam qo’ygan farzandim orqali uyimizga Prezident sovg`asi kirib kelishi, biro lam quvonch bag`ishladi.
,,Yangilanayotgan O`zbekistonda erkin va farovon yashaylik!’’ shiori o`z hayotim shioridek yangramoqda qalbimda. Oliy maqsadim: rivojlanayotgan O`zbekistonimni ilm-fan sohasida dunyoga tanilishida o`z hissamni qo`shish.
6-AFCHO`I maktabining ona tili va adabiyot
fani o`qituvchisi Amanboyeva Maqsuda