03/04/2026
💠 Samarqandda renovatsiya va infratuzilma loyihalari: hududlar rivoji va aholi manfaatlari ustuvor
Samarqand shahrining “Nurli yo‘l” mahallasida renovatsiya loyihalari yuzasidan tadbir tashkil etildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Navro‘z Rahmonov, shahar hokimi Fazliddin Umarov, “Samarqand Invest Kompaniyasi” AJ boshqaruv raisi Feruz Abilov, tegishli tashkilotlar vakillari, mahalla nuroniylari, faollar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir davomida hududda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan renovatsiya loyihalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etilib, ularning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ezgu niyatlar bilan Qur’on tilovat qilinib, xayriya tadbirlari tashkil etildi.
🏗️ Shundan so‘ng, viloyat hokimining o‘rinbosari tegishli mutasaddilar hamrohligida Temiryo‘l orti hududida olib borilayotgan renovatsiya ishlari bilan tanishdi. Uchrashuvlar davomida hududdagi har qanday o‘zgarishlar, eng avvalo, fuqarolarning roziligi va faol ishtiroki asosida amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi.
Qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar ko‘zdan kechirilib, qurilish jarayonlarida sifat, muddat va texnik talablarning to‘liq bajarilishi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, renovatsiya jarayonida aholining manfaatlari ustuvorligi ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi.
Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan infratuzilma obyektlarida olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Xalq tilida aytganda, Zaliniya hududida Siyob kanali ustidan o‘tuvchi ko‘prik va M-37 avtomobil yo‘ligacha yangi yo‘l qurish, Gagarin ko‘chasining ushbu yo‘l bilan bog‘lanish qismi, Qorasuv massividagi ichki yo‘llar hamda Payariq tumanidagi Imom Al-Buxoriy majmuasi atrofidagi yo‘llarni ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, temiryo‘l ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi jarayoni ham o‘rganilib, qurilish ishlarini sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Qurilishi yakuniy bosqichga yetgan avtoshoxbekat ham ko‘zdan kechirilib, uni qisqa muddatlarda foydalanishga topshirish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi. Mazkur obyekt aholi uchun transport xizmatlari sifatini oshirish, yo‘lovchilar oqimini tartibga solish hamda tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
🛣 Shu bilan birga, M-37 “Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi” avtomobil yo‘lining 6-kilometr qismida joylashgan ko‘prik ostidan qayrilib olish obyektida asfalt qoplamasini yotqizish ishlari uchun olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari o‘rganildi. Mazkur hududda 700 metr masofaga asfalt qoplamasi yotqizilishi rejalashtirilgan bo‘lib, qurilish-montaj ishlarining sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, Oqdaryo tumanida Mahdumi A’zam ziyoratgohiga tutash hududda barpo etilgan yerosti piyodalar yo‘lagi ko‘zdan kechirildi. Mazkur inshoot piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash va qulaylik yaratishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
🇺🇿 Viloyat hokimining o‘rinbosari N. Rahmonov, Samarqand tumani hokimi S. Usmanov hamda tegishli mas’ullar ishtirokida A-378 “Samarqand–Qarshi” avtomobil yo‘li bo‘yida obodonlashtirish ishlari ham o‘rganildi. Jarayonda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ekish, infratuzilmani yaxshilash ishlari tahlil qilindi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida suv nasoslarining holati ko‘rib chiqilib, bo‘sh hududlarga manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
✅ Umuman olganda, amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar hududlar qiyofasini tubdan yangilash, aholining turmush darajasini oshirish hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.