08/07/2022
Ishonchli hamkorlik – muvaffaqiyat garovi
Joriy yilning 5-7-iyul kunlari Qozog‘iston Respublikasining Nur-Sulton shahrida Yevropa va O‘rta yer dengizi o‘simliklar karantini va himoyasi tashkiloti, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlari fitosanitariya xizmatlari rahbarlari ishtirokida Markaziy Osiyoda o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi xalqaro hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan mintaqaviy yig‘ilish doirasida Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi davlat inspeksiyasi qo‘mitasining rahbari Mars Almabek bilan uchashuv tashkil etildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Dastur imzolandi.
Ushbu Dasturga ko‘ra quyidagilarga kelishildi:
- o‘zaro savdo doirasida karantin obyektlarining olib kirilishi va kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shma harakatlarni muvofiqlashtirish;
- fitosanitariya xizmatlari rahbarlarining tizimli ishchi yig‘ilishlarini o‘tkazish;
- karantin fitosanitariya nazoratini o‘tkazish;
- fitosanitariya xavfini hamkorlikda tahlil qilish;
- laboratoriyalararo qiyosiy tahlillarni o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashishda hamkorlikni mustahkamlash.
Hamkorlikdagi dasturda kelib tushgan bildirishnomalar bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijalari yuzasidan xabar berish, nazorat qilinadigan mahsulotlarning o‘zaro savdosida berilgan fitosanitariya sertifikatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuviga oid Tomonlar qonunchiligi talablarini hisobga olgan holda axborot tizimlarini integratsiyalash masalasi ham ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Bundan tashqari, zararli chigirtkalarga qarshi kompleks chora-tadbirlarni olib borish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, davlatlarning chegaradosh hududlarida birgalikda o‘rganish ishlarini davom ettirishga kelishildi.
Bo‘lib o‘tgan muloqotning yana bir muhim tomoni shundaki, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining kafolati ostida, qo‘l yuki orqali mahsulotlarni Qozog‘iston Respublikasiga olib kirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilinishiga erishildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, mazkur taqiq 2013-yildan buyon amal qilar edi.