09/12/2025
YUNESKO nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish Hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi XX sessiyasi Hindistonning Nyu-Deli shahrida 8 - 13 - dekabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasidan taqdim qilingan an’anaviy musiqa asbobi “Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati” (milliy) nomzodnomasini YUNESKOning Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy merosi elementlari ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi. “Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati”ni YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi qo‘biz an’anasining tarixiy, ma’naviy va madaniy qadriyat sifatidagi o‘rnini xalqaro darajada e’tirof etdi.
Qo‘mitaning qarorida qayd etilishicha, an’anaviy epik rivoyatlar — «jırau»larni ijro etishda keng qo‘llaniladigan musiqa asbobi sifatida qo‘biz muhim ijtimoiy vazifalarni bajaradi. Xususan, u jamiyatda birdamlikni mustahkamlashga, shuningdek umumiy madaniy merosni asrab-avaylashga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Ushbu maqom yurtimizga YUNESKOning muhofaza mexanizmlaridan kengroq foydalanish, ustoz va ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar o‘rtasida an’anaviy musiqaga qiziqishni oshirish va mahalliy jamoalarning ushbu merosni asrashdagi faol ishtirokini kuchaytirish imkonini yaratadi.
Shuningdek bu qaror qo‘biz san’atini ilmiy tadqiq etish, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro hamkorlik loyihalarini kengaytirishga yordam beradi.