22/05/2026
Xalqaro konferensiyada sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida dolzarb masalalar muhokama etildi
Poytaxtda “Sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi: ISO standartlari raqamlashtirish davrida” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Fransiyaning Bureau Veritas kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada vazirlik va idoralar, bank va sug‘urta tashkilotlari, O‘zbekiston va Tojikistonning yirik sanoat korxonalari, shuningdek axborot xavfsizligi va sun’iy intellekt sohasidagi mahalliy hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida raqamlashtirish jarayonlarida axborot xavfsizligini ta’minlash, kiberxatarlarni boshqarish, sun’iy intellektni samarali joriy etish va ISO xalqaro standartlarini tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mamlakatda axborot xavfsizligi va raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda O‘zbekiston standartlar instituti vakillari ham ishtirok etib, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash masalalarida fikr almashdilar.
Konferensiya yakunida bir qator korxona va tashkilotlarga ISO xalqaro sertifikatlari topshirildi. Tadbir sohada tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.