06/06/2026
Sabzavotchilik sohasi vakillari uchun ilmiy-amaliy seminar-trening tashkil etildi
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasida “Janubiy iqlim sharoitida stress omillarga chidamli sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining nav va duragaylarini yaratish istiqbollari, muammolari va yechimlari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Ilm-fan, innovatsiyalar va ta’limni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Tohir Ataqulov, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Bahrom Ibrohimov, Surxondaryo viloyati agroxizmatlar markazi direktori Anvar Abduraxmonov, shuningdek, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari, institut tizimidagi ilmiy-tajriba stansiyalari rahbarlari va ilmiy xodimlari, fermer hamda dehqon xo‘jaliklari vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Seminar davomida iqlim o‘zgarishi sharoitida qurg‘oqchilik, yuqori harorat va boshqa stress omillariga chidamli sabzavot, poliz va kartoshka navlarini yaratish, seleksiya ishlari samaradorligini oshirish hamda sohaning dolzarb muammolari va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish, mahalliy sharoitlarga mos, yuqori hosilli va raqobatbardosh nav hamda duragaylarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, dala tajribalari, innovatsion agrotexnologiyalar va yangi ishlanmalar namoyish etildi.
Bu esa ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish va soha rivojiga xizmat qiladigan innovatsion yechimlarni ommalashtirishda muhim maydon vazifasini o‘tadi.