01/06/2026
🔘Hurmatli fuqarolar, agar kredit to‘lovlarini amalga oshirishda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsangiz, tijorat bankiga murojaat qilib kredit shartlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘rashingiz mumkin.
🔘Kredit to‘lovlari, restrukturizatsiya va firibgarlik holatlariga oid ko‘p beriladigan savollarga ekspert Asilbek Abduraimov javob berdi:
❔Fuqaro moliyaviy qiyinchiliklar sababli kredit to‘lovlarini vaqtida amalga oshira olmasa, birinchi navbatda nima qilishi kerak?
Javob: Fuqaro bankka yozma murojaat yuborib, moliyaviy qiyinchilik sabablarini ko‘rsatgan holda kredit shartlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi lozim.
❔Kredit restrukturizatsiyasi uchun qanday holatlar asos bo‘lishi mumkin?
Javob: Ishsiz qolish, homiladorlik va tug‘ish ta’tilini olish, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar yoki boshqa moliyaviy qiyinchiliklar hamda fors-major holatlar restrukturizatsiya uchun asos bo‘lishi mumkin.
❔Fuqaro bank javobidan norozi bo‘lsa, qanday choralar ko‘rishi mumkin?
Javob: Fuqaro bank javobidan norozi bo‘lsa, Markaziy bankka yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
❔Markaziy bank tomonidan murojaatlar qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
Javob: Murojaatlar odatda 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda esa bir oygacha bo’lgan muddatda ko‘rib chiqilishi mumkin.
❔Murojaatni ko‘rib chiqish muddati uzaytirilishi mumkinmi?
Javob: Qo‘shimcha hujjatlar yoki tekshiruv talab etilganda murojaatni ko‘rib chiqish muddati uzaytirilishi mumkin.
❔Kredit bo‘yicha sud qarori chiqqanidan keyin foiz va penyalar to‘xtaydimi?
Javob: Bu masala sud qarori mazmuni va kredit shartlariga qarab alohida tartibda belgilanadi.
❔Fuqaro nomiga firibgarlik yo‘li bilan kredit rasmiylashtirilgan bo‘lsa, qanday yo‘l tutishi kerak?
Javob: Bunday holatda fuqaro imkon qadar tezroq tegishli tijorat bankiga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va Markaziy bankka murojaat qilishi tavsiya etiladi.
❔Firibgarlik holatlarining oldini olish uchun fuqarolar nimalarga e’tibor berishi kerak?
Javob: Fuqarolar SMS-kodlar, karta ma’lumotlari va bank ilovasi parollarini uchinchi shaxslarga bermasliklari lozim.
Hurmatli fuqarolar, murojaatlaringizni Markaziy bankning rasmiy elektron platformasi [email protected] orqali yuborishingiz mumkin.