20/08/2024
“Notkoin” uchun qamash shartmi?
Kripto-aktivlar sohasi insoniyat uchun nisbatan yangi soha bo‘lib, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham ushbu yo‘nalishda yaxlit shakllangan amaliyot hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmagan.
Bunday holatda O‘zbekistonda ushbu soha dastlabki bosqichda “qattiq” tartibga solingan bo‘lsa-da, davlat osongina “to‘liq taqiq” joriy etmasdan, mazkur faoliyatni amalga oshirishni reglamentlashtirilganligi quvonarlidir.
Talabga ko‘ra, kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshiradi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderligi faoliyatini faqat O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar amalga oshirishi mumkin, shuningdek, ushbu faoliyat amalga oshirilishi uchun litsenziyalarni olish talab qilinadigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Nega ushbu soha litsenziyalanishi kerak degan savolga ham amaldagi qonunchilikda javob mavjud. Gap shundaki, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, agar faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari joriy etiladi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasi potensial ziyon yetkazishi mumkin degan to‘xtamning ham asosi mavjud.
Birinchidan, soha yangiligi tufayli “pul tikuvchi” odamlar firibgarlikka uchrashlari mumkin.
Ikkinchidan, ayrim holatlarda ba’zi kripto-aktivlar hech qaysi davlatda tartibga solinmagan holda aylanishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, ularni noqonuniy daromadlarni legallashtirish yoki terrorizm va boshqa taqiqlangan faoliyatni moliyalashtirishning oson vositasiga aylantiradi.
Bundan tashqari, mamlakat yurisdiksiyasiga bo‘ysunmagan holda faoliyat yurituvchi kripto-birjalar va boshqa subyektlar fuqarolarga yetkazilgan zarar uchun javob bermaydilar, mamlakatga soliq to‘lamaydilar.
Shunday qilib, kripto sohani qattiq tartibga solishning asosiy maqsadlari – firibgarliklarni oldini olish va qonunchilikka rioya etilishini ta’minlashdir.
Jamiyat rivojlanishi, mamlakatlar o‘rtasida ushbu yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatilishi, jahonda yagona amaliyot to‘liq yo‘lga qo‘yilishi natijasida O‘zbekistonda ham ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi normalar albatta qayta ko‘rib chiqilib, talablar soddalashtiriladi.
Mazkur yo‘nalishni takomillashtirish vazifasini soha mutaxassislari zimmasiga yuklagan holda hozirda sohadagi talablarni buzganlik uchun javobgarlik masalasiga to‘xtalsak.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1554-moddasiga ko‘ra, kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan
30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ya’ni bugungi k***a kripto-aktivlar bilan belgilangan talablarni buzgan holda shug‘ullangan shaxslarni qamash – qonuniydir.
Shu bilan birga, ushbu huquqbuzarlik uchun muqobil jazo choralarining mavjud emasligi bayon etilgan insonparvarlik prinsipiga biroz zid bo‘lishi mumkin.
Oliy sud Plenumining 2018 yil 30 noyabrdagi 35-son qaroriga muvofiq, qamoqqa olish tariqasidagi ma’muriy jazo qo‘llanilishiga alohida hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish, mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish kabi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy qamoqqa olish jazosi belgilangan bo‘lib, jarima chorasi faqatgina ma’muriy qamoq chorasi qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
Ma’muriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, 3 yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, 14 to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi mumkin emas.
Ya’ni ushbu holatda ijtimoiy zaif qatlamlarga kiruvchi shaxslar uchun jarima belgilangan va jarima miqdori 6,4 mln so‘mdan boshlanadi.
Boshqalarga esa ushbu qilmish uchun faqatgina qamoq jazosi qo‘llanadi.
Jazo tayinlashning bu kabi tartibi, ya’ni faqatgina ma’muriy qamoq tayinlash chorasi bu holatdan tashqari 2 ta huquqbuzarlik uchun belgilangan xolos:
– moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish;
– valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish.
Lekin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 60 ga yaqin qilmish uchun ma’muriy qamoq jazosi belgilangan bo‘lib, yuqoridagilardan boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha qamoq jazosi jarima jazosidan so‘ng muqobil jazo sifatida keltirilgan.
To‘g‘ri, ayrimlar jarima to‘lashdan ko‘ra 15 sutka “o‘tirib chiqish”ni yengilroq jazo sifatida qabul qilishlari mumkin. Biroq bunday holatlarda qonuniy qaror qabul qiluvchi sudyaga faqatgina qamoq jazosi bilan cheklanmasdan, bir nechta turdagi jazolardan tegishlisini tayinlash imkoniyatini yaratib berishi lozim.
Parlament tadqiqotlari instituti
bo‘lim boshlig‘i
Sobir NURBERDIYEV