07/06/2026
Xitoy kompaniyalari bilan ta’lim va maxsus texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi
O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlari tufayli izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, hamkorlik ko‘lami yanada kengaymoqda.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov investitsiyaviy hamkorlik doirasida Xitoydan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari — "Xuamin Taifeng" qishloq xo‘jaligi kompaniyasi aksioneri Yan Syumey, "Anhui Fengyuan Equipment Technology Co., Ltd" kompaniyasi direktori Guo Li, "Anhui Nanya Group" direktori Du Aysang hamda "Hefei Nanya Polytechnic College" vasiylik kengashi raisi Du Mingxuanni qabul qildi.
Muloqot davomida Xitoy kompaniyalari tomonidan Surxondaryo viloyatida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiyaviy loyihalar va hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, Xitoy tajribasi asosida zamonaviy politexnikum tashkil etish, mehnat bozorida yuqori talabga ega kasblar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalari uchun maxsus texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida har bir loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, investitsiyaviy shartlarni shakllantirish hamda loyihalarni amalga oshirish uchun muvofiq hududlarni belgilash bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.